Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining tashabbusi bilan universitet bazasida ilk bor Xalqaro yozgi maktab tashkil etildi. Joriy yilning 22-iyul kuni Samarqand hunarmandlar uyushmasi binosida ushbu Xalqaro yozgi maktabning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida universitet rektori Dr. Chidem turkyilmaz, prorektorlardan Botir Ibragimov, Sherzod Uzoqov, Murodjon Xodjabekov, Abror Gadayev, “Arxitektura” fakulteti professori Emrah Turkyilmaz hamda Qurilish vazirligi Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Raxmonov, Samarqand milliy hunarmandlar uyushmasi rahbari Umed Hakimovlar so‘zga chiqib yozgi maktabning ishtirokchilariga va yozgi maktab ishiga omad tiladilar.
Shundan so‘ng so‘z navbati xorijiy davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar hamda ishtirokchilarga berildi.
Ko‘hna va navqiron Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro yozgi maktab ishida Turkiya, Bangladesh, Bosniya va Gersegovinya, Chexiya, Vengriya, Livan hamda O‘zbekiston talabalaridan iborat 40 ga yaqin professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etadilar.
Ushbu Xalqaro yozgi maktab dasturidan ko‘zlangan maqsad – kundalik hayot nuqtai nazaridan shahar turizmini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan bo‘lib, talabalar unda Samarqandning tarixiy markazlaridan biri bo‘lmish “Go‘ri Amir” hududidagi sayyohlik faoliyati, shahar aholisining xohish va ehtiyojlarini o‘rganish orqali barqaror yondashuvlar bilan qayta ko‘rib chiqishdan iborat.
Ochilish marosimining so‘ngida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga Xalqaro yozgi maktab dasturi va estalik sovg‘alari topshirildi. Ma'lumot o‘rnida, Xalqaro yozgi maktab 2024-yilning 22-iyul kunidan 18-avgustiga qadar Samarqand shahrida 28 kun davom etadi.