O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimiga kiruvchi oliy ta'lim muassasalarida, jumladan, Mirzo Ulug’bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida ham Korrupsiyaga qarshi kurashish “komplaens-nazorat” bo'limi tashkil etilgan. Mazkur bo'lim ilm-fan, ta'lim va innovatsiyalar sohasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda keng qamrovli ishlarni amalga oshiradi. Talabalar va pedagog xodimlar orasida ta'lim jarayonining shaffofligi va ochiqligini ta'minlashga qaratilgan anonim so'rov tadbirlari o'tkaziladi.
Talabalar hamda professor-o'qituvchilar ishtirokida "Korrupsiya va unga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish" mavzusida profilaktik mazmundagi targ'ibot-tashviqot tadbirlari muntazam o'tkazib kelinadi. Universitetda talabalarning ota-onalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimliklar xodimlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlari o'tkaziladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish "komplaens nazorat" bo'limi tomonidan korrupsiya alomatlari mavjud bo'lgan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari o'tkazilib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga tegishli materiallar taqdim qilinadi. Manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'ymaslik sohasida ichki rotatsiya choralari doimiy ravishda qo'llaniladi.
Bo’lim tomonidan jamiyatda korrupsiyaning salbiy oqibatlarini aks ettiruvchi videorolik hamda matn ko'rinishidagi materiallar universitetning rasmiy veb-saytlariga va ijtimoiy tarmoqlardagi telegram kanallariga joylashtirilib kelinadi. Universitetda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi va natijasi xususida video va nashr materiallari ommaviy axborot vositalari orqali aholiga yetkaziladi. Ishga qabul qilinayotgan professor-o'qituvchi va xodimlarga universitetda Korrupsiyaga qarshi kurashish "komplaens-nazorat" tizimini boshqarish bo'limi tomonidan korrupsiyaning oqibatlari, xizmat vazifasiga qo'yiladigan asosiy majburiyatlar, ta'qiqlar, cheklovlar, talablar, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va odob-axloq qoidalarining mazmun-mohiyati haqida tushuntiriladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, ichki audit va boshqa sohalardan jalb qilingan mutaxassislardan iborat tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish hamda fuqarolarni ishga qabul qilish jarayonlarining ochiqlik va shaffofligini ta'minlash bo'yicha nazorat tadbirlari amalga oshiriladi.
Universitet pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish "komplaens-nazorat" tizimini boshqarish bo'limlari xodimlarining malakasini oshirish uchun Bosh ilmiy metodik markazida 36 soatlik maxsus o'quv kursi tashkil qilingan bo’lib, ushbu o’quv kurslarida bo’lim xodimlari ham muntazam ravishda malaka oshirib keladi.Talabalar va xodimlardan korrupsiyaviy holatlar xususida murojaatlarning kelib tushishini ta'minlash maqsadida universitetda telegram bot kanali yo'lga qo'yilgan.Universitetning o'quv binolarida "Adolat qutilari" o'rnatilgan.