3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar texnikumida turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan 180 nafar nogironligi bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar hamda texnikumda faoliyat yuritayotgan fidoyi pedagog-xodimlar Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiga tashrif buyurdilar.
Tadbir doirasida texnikum o‘quvchilari universitetning ilmiy-ma’rifiy muhiti, auditoriyalari, laboratoriya va o‘quv ustaxonalari, zamonaviy infratuzilmasi bilan yaqindan tanishishdi. Tashrif davomida o‘quvchi-yoshlar bilan talabalar dekanati xodimlari, universitet psixologi, fakultet tyutorlari hamda Axborot-resurs markazi mutaxassislari uchrashib, ular uchun maxsus ma’ruza va ma’rifiy suhbatlar tashkil etildi.
Uchrashuvda universitet vakillari yoshlarning qiziqishlari, kelgusidagi rejalari, kasb tanlash jarayonida uchraydigan savollariga javob berishdi. Shuningdek, maskan tomonidan yaratilgan imkoniyatlar, bo‘lajak talabalarga taqdim etiladigan qulayliklar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tashrif davomida o‘quvchilar Axborot-resurs markazida mavjud adabiyotlar, elektron kutubxona va ta’limga oid raqamli imkoniyatlar bilan ham tanishishdi. Ularning har biri uchun universitet hayoti, talabalik muhitining o‘ziga xos jihatlari, ilmiy innovatsiyalar va ijodiy loyihalar haqida qiziqarli taqdimotlar o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuv o‘quvchi-yoshlar ruhiyati va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularni ilm-fanga, kasbga yo‘naltirish va jamiyatda faol ishtirok etishga undashga xizmat qildi. Tashrif jarayonida texnikum pedagog-xodimlari ham universitet professor-o‘qituvchilari bilan o‘zaro fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida suhbat olib borishdi.
Katta faollar zalida tashkil etilgan ko'ngilochar qiziqarli viktorinalar hammaga birdek manzur bo'ldi. Art-terapiya tadbirida ishtirok etgan o'quvchilar va tadbirda faol qatnashganlar esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Xalqaro nogironlar kuni doirasida tashkil etilgan bunday ezgu tadbir yoshlar uchun unutilmas taassurotlar, yangi maqsad va intilishlarga turtki bo‘ldi.