Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida 26–27–28 noyabr kunlari mamlakatimiz agrar sohasining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri — "AgroExpo Uzbekistan–2025" xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada dunyoning 20 ta davlatidan kelgan eng ilg‘or 220 dan ortiq brendlarni taqdim etuvchi 180 ta kompaniya o‘z mahsulot va yechimlarini namoyish qilmoqda.
Tadbir davomida traktorlar, kombaynlar, paxta terish mashinalari, aqlli texnikalar, dronlar, tomchilatib sug‘orish tizimlari, intensiv bog‘dorchilik texnologiyalari, issiqxonalarni boshqarishning smart tizimlari hamda yetakchi kompaniyalarning so‘nggi ishlanmalari taqdim etilmoqda.
Jumladan, mazkur tadbirda universitetimiz vakillari ham o‘zlarining istiqbolli loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma davomida SamDAQU pavilyoniga xorijiy va mahalliy tashkilotlar vakillari qatori O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham tashrif buyurdi.
Mehmonlarga universitetda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar, xalqaro investitsiya yo‘nalishidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.