Skip to main content

Insoniy qiyinchiliklar va umid haqida hikoya

Hozirgi kunda Angilyadagi taxminan 60 yoshlardagi saratonni yengayotgan bemor bilan suhbat:

 

"Men o‘tgan yili iyun oyida bo‘ynimdagi o‘ng jag‘ ostida o‘simta aniqlanganini bilib qoldim. Dekabr oyida operatsiya qilishdi, lekin kasallik manbasini aniqlay olishmadi va operatsiya samara bermadi. Jarohat yaqinda bitdi. Keyin yana bir bor operatsiya bo‘ldim.

 

Keyinchalik kimyoterapiya va radioterapiya muolajalarini boshladim. Nurlanish davolashini boshlashimdan avval, shifokorlar menga: ovqat yuta olmay qolishingiz sababli oshqozoningizga nay o‘rnatishimiz kerak,’ deyishdi. Men dastlab rad etdim, biroq birinchi nur muolajasidan so‘ng, ulardan nay o‘rnatishlarini iltimos qildim, chunki ovqatni umuman yuta olmay qoldim. Kuchli og‘riq va kuyish hissi paydo bo‘ldi.

 

Hatto suv ham icholmayman – tilim qurib, tanglayimga yopishib qoladi. Og‘zimni chayqab turaman, xolos. Ikki oydan beri hech narsa yemayman, ichmayman, oziq-ovqat sotib olmayman. Sovutgich va muzlatkichdagi mahsulotlarni qo‘shnimga berib yubordim.

 

Shifokor suv beradi, shuni nay orqali qabul qilaman. Saraton o‘zi og‘ritmasdi, ammo davolash jarayoni juda shafqatsiz, nihoyatda og‘riqli. Yolg‘iz yashayman, juda tez charchayman. Ikki daqiqa yursam ham holdan toyaman – nurlanish davosi juda kuchsizlantiradi.

 

Bir qizim yaqin yerda yashasa-da, uni so‘nggi marta olti hafta oldin ko‘rganman. Boshqa qizim Yangi Zelandiyada yashaydi. Shifoxonaga o‘zim boraman va keyin yana bo‘sh uyimga qaytaman.

 

Ovqatlanish quvonchi yo‘qoldi. Men taomlarni yaxshi ko‘rardim, bu hayotimning katta qismi edi, ammo mana ikki oy bo‘ldiki, hech narsa yeganim yo‘q. Shifokorlar aytishicha, umrbod hech narsa yeyolmasligim mumkin ekan. Qancha umrim qolganini faqat Xudo biladi.

 

Onam va akam ham saratondan vafot etishgan, lekin ularning kasalligi juda og‘riqli kechgan. Ular eng yuqori dozadagi morfinni olardilar. Akamning yuragi og‘riqqa bardosh berolmay, infarktdan vafot etgan."

 

Aziz do‘stlar, bu hayotiy hikoya bizni chuqur o‘ylashga majbur etadi. Sog‘lomlik – bu eng katta boylik ekanligini ko‘pincha unutib qo‘yamiz. Har kuni erkin nafas olish, suv ichish, taom tatish, og‘riqsiz yurish – bular oddiy narsadek tuyuladi, ammo aslida eng buyuk ne’matlardir.

 

Atrofimizdagi go‘zallikni his qilish, sevgan insonlarimiz bilan muloqot qilish imkoniyati, hatto oddiy kundalik ishlarni qilishning o‘zi ham – bularning barchasi ulkan baxt ekanligini tushunishimiz kerak.

 

Hayotimizda nechog‘lik ne’matlar bilan o‘ralganmiz va ularni qadrlashimiz, shukrona keltirishimiz kerak. Zero, hayot – o‘zi mo‘jiza, uni har bir lahzasini qadrlash, noshukur bo‘lmaslik bizning asosiy vazifamizdir. Bizga berilgan har bir sog‘lom kun uchun shukrona qilaylik va atrofimizdagilarga mehr ulashaylik.

 

Sardor OTAYOROV

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti psixologi.

 

Foto: Axborot xizmati tomonidan sun’iy idrok yordamida tayyorlandi.