“Madaniy Meros LITI” kompaniyasi bosh direktori Jahongir Rahmonov, ijrochi direktor Karimjon Avazov va bosh arxitektor Abdujalil Nabiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Arxitektura fakulteti talabalari va o‘qituvchilari hamkorlikda amaliy mahorat darsi tashkil etildi.
Dars davomida talabalar va o‘qituvchilar Madaniy Meros LITI bilan hamkorlikda Samarqand shahridan 14 km shimoli-sharqda joylashgan, ilgari Miko‘l nomi bilan tanilgan Maxdumi A’zam tarixiy-me’moriy majmuasini restavratsiya qilish loyihalari ustida ishlashdi.
Arxitektura fakulteti dekani Dilnoza Kamalova ushbu majmuaning diniy-siyosiy tarixiy ahamiyati, me’morchiligi, atrof-muhitga ta’siri hamda madaniy tarbiya nuqtai nazaridan tutgan o‘rnini tushuntirdi.
Arxitektura kafedrasi o‘qituvchilari Ilhom Sultonov, Ulug‘bek Tojiboyev va Sherzod Abduraimov Daxbeddagi Maxdumi A’zam so‘fiylar majmuasi nisbatan yaxshi saqlanib qolganligini va 1980-yillarda o‘tkazilgan rekonstruksiya ishlari uning tarixiy qiyofasini tiklashga xizmat qilganligini ta’kidladilar.
Ishchi guruh o‘z ishini yodgorlik elementlarini fotofiksatsiya qilish bilan boshladi hamda 3D skanerlash va 3D modellashtirishni o‘z ichiga olgan keyingi tadqiqotlarni belgilab berdi.