Skip to main content

“Metallurgiya muhandisligi” ta’lim yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi

Ilgari xabar berganimizdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz rahbarligidagi bir guruh professor-o‘qituvchilardan iborat universitet delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

 

2024-yilning 22-oktabr sanasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Liaoning provinsiyasida joylashgan Shimoliy-sharqiy universitetda bo‘ldilar.

 

Kunning birinchi yarmida universitet delegatsiyasi va Shimoliy-sharqiy universitet rahbariyati, Xalqaro aloqalar va talabalar almashinuvi bo‘limi xodimlari, Metallurgiya va Materialshunoslik muhandisligi fakultetlari rahbariyat xodimlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilarning stajirovkalarini tashkil etish, talabalar almashinuviga erishish, ta’lim dasturlari bo‘yicha tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, mahalliy va xalqaro grantlarda ishtirok etish bo‘yicha muhokamalar olib bordi.

 

Uchrashuv so‘ngida 2025/2026-o‘quv yilidan “Metallurgiya muhandisligi” ta’lim yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Shimoliy-sharqiy universitet rahbariyati SamDAQU delegatsiyasi tomonidan bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu hamkorlik ikkila universitet uchun ham manfaatli taklif ekanini qayd etdi.

 

Shuningdek, yangi tashkil etilishi mo‘ljallangan “Metallurgiya muhandisligi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1+2+2 dasturi bo‘yicha Qo‘shma ta’lim dasturi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanuvchi “Ishchi guruh”ni shakllantirish bo‘yicha bir qarorga kelishdi.