Skip to main content

Pekin arxitektura qurilish universiteti rahbariyati bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi

Shu kunlarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz boshchiligida bir guruh professor-o‘qituvchilardan iborat universitet delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli muhandislik sohasidagi oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar almashinuvini, qo‘shma grant loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar uchun stajirovka imkoniyatlarini yaratish, metallurgiya muhandisligi ta’lim yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish va malakali xorijiy mutaxassislarni universitetning o‘quv va ilmiy jarayoniga jalb qilish sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

2024-yilning 17-oktabrida kunning birinchi yarmida universitet rektori Dr. Professor Chidem Turkyilmaz va Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor Juramirza Qayumovlar Xitoy Xalq Respublikasining Pekin arxitektura-qurilish universiteti prezidenti Dr. Professor Zhang Dayu va vitse prezidenti Dr. Professor Yang Jianwei o‘rtasida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu uchrashuvda universitet prezidenti professor Zhang Dayu tomonidan ilgari surilgan talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Pekin arxitektura-qurilish universitetining malakali mutaxassislarini SamDAQUga tajriba almashish maqsadida xizmat safarlariga yuborish kabi masalalarda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, hamkorlikda doktorantlar va magistrlarni tayyorlash yo‘nalishida ham dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv so‘ngida SamDAQUning universitet etib qayta tashkil etilganligining ikki yilligi munosabati bilan, 2024-yilning 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiyaga Pekin arxitektura-qurilish universiteti rahbariyati taklif etildi.