O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuasi va yangi maydon – “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar markazida 25-27-fevral kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Qurilish-UzBuild 2025” 26-xalqaro ko‘rgazmasi bugundan o‘z ishini boshladi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda qurilish, mebelsozlik va yog‘ochsozlik sanoati rivojida muhim ahamiyat kasb etib, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar uchun yirik muloqot maydonini yaratmoqda. Ko‘rgazmada Belarus, Germaniya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, BAA kabi davlatlar vakillari o‘z milliy pavilonlari bilan ishtirok etmoqda.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti ham ushbu xalqaro tadbirda faol qatnashmoqda. Ko‘rgazmada universitetimiz Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektori Juramirza Qayumov, Inkubatsiya markazi direktori Ulug‘bek Raximov, Arxitektura kafedrasi professori Emrah Turkyilmaz hamda universitetning bir nechta professor-o‘qituvchilari ishtirok etishmoqda.
Tadbir davomida universitet vakillari xorijiy va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik muzokaralarini olib borishdi. Jumladan, Rossiyaning Stemps kompaniyasi, Angliyaning WilkinsonEyre arxitektura kompaniyasi hamda O‘zbekistonning yetakchi qurilish kompaniyalari bilan kelajakdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ko‘rgazma doirasida qurilish, mebelsozlik va yog‘ochsozlik sanoatiga oid mahsulotlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, “Qurilish texnikasi va texnologiyalari – BuildTech” bo‘limida yo‘l qurilishi, qurilish texnikasi, uskunalar va yangi materiallar taqdim etilmoqda.
Mazkur xalqaro tadbir xorijiy tajriba almashish, mahalliy loyihalarni investorlar va hamkorlar e’tiboriga taqdim etish uchun muhim platforma hisoblanadi. “Qurilish-UzBuild” ko‘rgazmasi 2000-yildan buyon o‘tkazilib, qisqa vaqt ichida O‘zbekistondagi eng yirik qurilish sanoati tadbiriga aylangan. Hozirgacha unda 45 mamlakatdan 3 503 ta kompaniya ishtirok etgan.