Bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ta’lim hamda madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir doirasida Samarqand Fransuz Alyansi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvning asosiy maqsadi — Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi huzurida faoliyat yurituvchi Samrus Groupe loyihasining mas’ul vakili, Alis Mot xonim hamda universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha mas’ul xodimlari o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, ingliz va fransuz tillarida ta’lim oluvchi talabalarga Fransiyada o‘qish imkoniyatlarini yorituvchi Campus France tizimi bo‘yicha maxsus taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot davomida talabalar uchun grantlar, o‘qish bosqichlari, qabul jarayonlari va istiqbolli yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berildi, ularning savollariga javoblar taqdim etildi.