Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Geodeziya, kartografiya, kadastr va fazoviy maʼlumotlar sohalarini rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda O‘zbekiston bilan bir qatorda Vengriya, Fransiya, Italiya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belorussiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, olimlar, tadqiqotchilar hamda talabalari faol ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori, Dr. Chidem Janbay Turkyilmaz so‘zga chiqib, ishtirokchilarni samimiy qutladi va ushbu konferensiya nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki xalqaro miqyosda yangi hamkorliklar va ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining o‘rinbosari, texnika fanlari doktori, dotsent Abdushukur Abdullayev ham nutq so‘zlab, konferensiyaning dolzarbligini alohida e’tirof etdi.
Konferensiya doirasida quyidagi yo‘nalishlarda dolzarb mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglandi:
· Geodeziya, kartografiya, kadastr, geoinformatika, yer tuzish va fazoviy ma’lumotlar sohalarining zamonaviy holati va ularni rivojlantirish muammolari;
· Ushbu sohalarda innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ularning amaliyotdagi o‘rni;
· Davlat kadastrlari geoportalini yaratish va samarali yuritishning ustuvor yo‘nalishlari;
· Geodeziya va kadastrga oid huquqiy munosabatlar va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
· Yer resurslaridan oqilona foydalanish, masofadan zondlash, sun’iy yo‘ldosh tizimlari va uchuvchisiz texnologiyalar orqali davlat kadastrlarini yuritish masalalari;
· Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini zamonaviy talablarga muvofiq rivojlantirish.
Tadbir yakunida xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarga konferensiya tashkilotchilari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi ilmiy anjumanlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish va soha mutaxassislarining malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.