O‘zbekiston-Tojikiston oliygohlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan, M.Osimi nomidagi Tojik texnika universiteti talabalarining akademik mobilligi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida yo‘lga qo‘yildi. 2025-yil 5-mart kuni 5 nafar Tojikistonlik talaba bahorgi semestr davomida tahsil olish maqsadida universitetga tashrif buyurdi.
Shu munosabat bilan universitet rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Strategik rivojlantirish bo‘yicha birinchi prorektor Juramirza Qayumov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mirolim Shodmonqulov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Sherzod Uzokov, Qurilish fakulteti dekani Javlon Suyunov, Arxitektura kafedrasi mudiri Laziz Rahimov, Registrator offisi boshlig‘i Maftun Uzboyev, akademik mobillik bo‘yicha mas’ul Sobir Hamroyev va profilaktika inspektori Timur Karimov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda xorijiy talabalar uchun mahorat darslari, amaliy mashg‘ulotlar, zarur auditoriyalar va materiallar bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida talabalar o‘qishlariga muvaffaqiyat tilanib, universitet esdalik sovg‘alari topshirildi.