Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safaridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti delegatsiyasi 2024-yilning 28-oktabr kuni Shansi provinsiyasi markazi bo‘lmish Sian shahrida joylashgan Shansi kommunikatsiyalar texnologiyasi kollejiga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrifdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-158-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiga biriktirilgan 17 ta texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish orqali ulardagi ta’lim sifatini oshirish va O‘zbekiston sanoati va ishlab chiqarish sektoriga zamonaviy, bilimli kadrlarni tayyorlashni ko‘zda tutadi.
Tashrif avvalida Shansi kommunikatsiyalar texnologiyasi kolleji vitse prezidenti hamrohligida kollejning yangi kampusidagi qurilish muhandisligi, geomatika muhandisligi, avtomobilsozlik, yo‘l qurilishi, virtual reallik, arxitektura va BIM texnologiyalari laboratoriyalari va sinov ustaxonalari hamda ularda foydalanilayotgan jihozlar bilan tanishib chiqildi.
Shundan so‘ng Shansi kommunikatsiyalar texnologiyasi kolleji rahbariyati va SamDAQU delegatsiyasining rasmiy uchrashuvi tashkil qilindi. Uchrashuvda SamDAQUga biriktirilgan soha texnikumlarini o‘quv-uslubiy jihatdan rivojlantirish borasida hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida hamkorlikning ilk qadamlari sifatida Samarqand va qo‘shni viloyatlarda Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tashkil etilgan qurilish materiallari va boshqa sanoat korxonalari hamda zavodlarida mehnat qilayotgan o‘rta bo‘g‘im ishchi-xodimlari uchun SamDAQU huzurida Malaka oshirish markazini tashkil qilishga kelishildi va ushbu markazga SamDAQU va Shansi kommunikatsiyalar texnologiyasi kollejining malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilinishi belgilandi.




