Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida Hindistonning Atinga Moirangcha Educational & Research Foundation (AMERF) tashkiloti rahbari Joychand Moirangthem bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Atinga Moirangcha Educational & Research Foundation (AMERF) — Hindistonning nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Fond talabalarni xorijdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda qo‘llab-quvvatlaydi, ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar tashkil etadi, hamda bitiruvchilarning kasbiy rivojlanishi va xorijda ishga joylashishiga ko‘maklashadi.
Suhbat davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijiy talabalarni jalb etish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
AMERF rahbari kelgusi o‘quv yilidan Hindiston, Kambodja va boshqa davlatlardan talabalarni SamDAQUga jalb etish, shuningdek, yangi va talabgir ta’lim yo‘nalishlarida xalqaro qo‘shma dasturlarni ochish takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida AMERF va SamDAQU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.