Skip to main content

UNESCO “Knowledge for Change” dasturi davom etmoqda

 

Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida UNESCO Knowledge for Change (K4C) — Mentor Training Program (MTP) dasturi davom etmoqda. Mazkur xalqaro dasturda turli mamlakatlardan kelgan K4C mentorlari, professor-o‘qituvchilar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishmoqda.

 

Trening mashg‘ulotlariga Mizan K4C Hub rahbari Prof. Dr. Mahazan Mutalib va Hindistonlik taniqli olim, ijtimoiy tadqiqotchi hamda fuqarolik jamiyati faoli Professor Rajesh Tandon rahbarlik qilmoqda. Ular CBPR (Community-Based Participatory Research) — jamotchilik ishtirokiga asoslangan tadqiqot yondashuvi, uning ahamiyati va unda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni haqida ma’ruzalar o‘qishdi.

 

Mazkur ma’ruzalarda oliy ta’lim va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni faqat akademik doirada emas, balki jamiyat hayotiga bevosita amaliy foyda keltiruvchi jarayon sifatida rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Communiversity” g‘oyasi — universitet va jamiyatni yagona tizim sifatida birlashtirish konsepsiyasi — bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha K4C markazlarining asosiy tamoyiliga aylanganligi ta’kidlandi.

 

Professor Rajesh Tandon — CBPR sohasining global yetakchilaridan biri bo‘lib, UNESCO “Knowledge for Change (K4C)” dasturi asoschilaridan sanaladi. U 1982-yilda Hindistonda PRIA (Participatory Research in Asia) tashkilotiga asos solgan bo‘lib, 40 yildan ortiq vaqt davomida fuqarolik faolligi va ilmiy bilim demokratiyasini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. 2017-yilda u kanadalik olim Professor Budd Hall bilan hamkorlikda UNESCO K4C global tarmog‘ini yaratgan.

 

Bugungi kunda mazkur dastur 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, jamiyat bilan hamkorlikda tadqiqot olib boruvchi mentorlarni tayyorlash hamda yangi K4C Hub markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlamoqda.