18-19 aprel kunlari qadimiy va betakror Registon maydoni zamonaviy arxitektura ilmining markaziga aylandi. "Dunyo arxitekturasi haqidagi qarashlar: arxitekturada uyg’unlik va mutanosiblik" mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-texnik konferensiya nafaqat ilm-fan namoyandalarini, balki butun soha jamoatchiligini birlashtirdi.
Ushbu yuksak darajadagi anjumanda O‘zbekiston bilan birga Germaniya, Gretsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Belorussiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Misr kabi davlatlardan taniqli professorlar, ilmiy tadqiqotchilar, mutaxassislar va amaliyotchilar ishtirok etdi. Bu esa anjumanning xalqaro miqyosdagi dolzarbligini va keng qamrovini yaqqol ifodalab beradi.
Ochilish marosimida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Dr. Chidem Turkyilmaz so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi va ushbu konferensiya global arxitektura hamjamiyatida fikr almashish, o‘zaro tajriba orttirish va yangi istiqbollarni aniqlash uchun mustahkam platforma vazifasini bajarishi hamda zamonaviy arxitektura sohasida uyg‘unlik, madaniy xilma-xillik, innovatsion g‘oyalarning muhim chorrahasi ekanligini ta’kidladi.
Konferensiya doirasida keng qamrovli mavzular muhokama markazida bo‘ldi:
Arxitektura va shaharsozlikda erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolar;
Urbanistik yondashuvlar va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan zamonaviy loyihalar;
Tarixiy obidalarni saqlab qolish, rekonstruksiya va renovatsiya masalalari;
Arxitektura sohasida jahon tajribasining ilmiy va amaliy ahamiyati;
Innovatsion qurilish konstruksiyalari va ilg‘or texnologiyalar;
Xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslangan ilg‘or amaliyotlar;
Soha uchun zamonaviy, malakali kadrlar tayyorlashda xalqaro yondashuvlar.