Skip to main content

Xitoy: “Phoenix Publishing and Media Group” nashriyot uyiga tashrif

Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan iborat universitet delegatsiyasi 2024-yilning 25-oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Jiangsu provinsiyasi, Nanjing shahridagi “Phoenix Publishing and Media Group” nashriyot uyiga tashrif buyurdi.

 

Tashrif avvalida “Phoenix Publishing and Media Group” nashriyot uyining Xalqaro munosabatlar menejeri Bai Liye hamrohligida ushbu nashriyot faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, tashkilotning bo‘limlari, ustaxonalari va muzeylariga qisqa tur tashkil qilindi. Shundan so‘ng, ushbu nashriyot uyining ta’lim tashkilotlari bilan shug‘ullanuvchi “Jiangsu Phoenix Vocational Education Books Co. Ltd” boshqarmasida uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuvda Samarqand davlat arxitektura qurilish universiteti rektori professor Chidem Turkyilmaz va Jiangsu Phoenix Vocational Education Books Co. Ltd vitse prezidenti Hu Xiaodong tomonidan uch tomonlama ya’ni ushbu nashriyot, Nanjing politexnika instituti, Samarqand davlat arxitektura qurilish universiteti hamkorligida SamDAQUda ochilishi kutilayotgan “Jiangsu kutubxonasi” hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishida ko‘prik vazifasini o‘tashi alohida ta’kidlab o‘tildi. Nashriyot uyi rahbariyati tomonidan joriy yilning noyabr oyida SamDAQUdagi Jiangsu kutubxonasiga yuborilishi kutilayotgan dastlabki 2000 nusxaga yaqin kitoblar ro‘yxati taqdim etildi.

 

Uchrashuv davomida SamDAQU professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari va olimlari tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy va o‘quv adabiyotlarini ushbu nashriyotda nashr qilish va natijada universitetda yaratilayotgan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xalqaro maydonga olib chiqish haqida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Jiangsu Phoenix Vocational Education Books Co. Ltd tomonidan SamDAQUning ta’lim jarayonida foydalanishi uchun elektron adabiyotlarni tayyorlash, fanlar uchun o‘zbek va ingliz tillarida zamonaviy kontentlar yaratish borasida yaqindan yordam berishi alohida ta’kidlab o‘tildi.