Skip to main content

Xitoy: Shimoliy-sharqiy universiteti huzuridagi Xalqaro ta’lim fakultetiga tashrif

Mirzo ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti delegatsiyasi 2024-yilning 23-oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy-sharqiy universiteti huzuridagi Xalqaro ta’lim fakulteti (School of International Education)ga tashrif buyurdi.

 

Ushbu fakultet dekani professor Yu Fuxiao bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda SamDAQU va Shimoliy-sharqiy universitet hamkorligida tashkil etilishi kutilayotgan qo‘shma ta’lim dasturining tashkiliy jarayonlari bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, “Metallurgiya muhandisligi qo‘shma ta’lim yo‘nalishi” uchun ishchi dasturlar, malaka talablari va fanlar, kreditlar soni kabi muhim bosqichlar bo‘yicha navbatdagi aniq qadamlar belgilab olindi.

 

Shundan so‘ng, Shimoliy-sharqiy universitet vakillari hamrohligida Shenyang shahrida joylashgan NeuSoft kompaniyasiga tashrif buyurildi. Ushbu kompaniya zamonaviy tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, ularda qo‘llaniladigan elektron chiplar va butlovchi mexanizmlari Shimoliy-sharqiy universitet olimlari va ilmiy tadqiqotchilari tomonidan ishlab chiqilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligiga guvoh bo‘lindi.

 

Kunning ikkinchi yarmida SamDAQU delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining avtomatika, mashinasozlik va sanoat robototexnikasi sohasida yetakchi ishlab chiqaruvchi hisoblangan SinSUN kompaniyasiga va uning ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mazkur ishlab chiqarish zavodi imkoniyatlaridan istiqbolda “Metallurgiya muhandisligi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi talabalari uchun amaliyot va SamDAQU professor-o‘qituvchilari uchun tajriba va stajirovkalarni tashkil etish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi. Bundan tashqari ushbu korxona bilan SamDAQU huzuridagi Inkubatsiya markazi o‘rtasida hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ilk kelishuvlar amalga oshirildi.

 

Delegatsiya a’zolari shuningdek, Shimoliy-sharqiy universitetning JangHo Arxitektura fakultetida bo‘lishib, u yerda arxitektura ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan Studio xonalarida olib borilayotgan loyiha va kurs ishlari bilan tanishildi. Shundan song, fakultet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari vakillari Liu Zhimming va Chen Yinglar bilan arxitektura sohasida fakultetlararo hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini amalga oshirish, shuningdek, birgalikda arxitektura yodgorliklarini asrash bo‘yicha yozgi maktablarni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.