Skip to main content

“Xorijiy tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilarining Qirg’iziston oliy ta’lim muassasalariga tashrifi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Xorijiy tillar” kafedrasi mudiri M.Kenjayev, professor-o‘qituvchilardan D.Mamaraimov, S.Boboyorov va M.Hayitboyevlar ayni damda qo’shni Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatida joylashgan Oʻsh texnologiyalar universitetida xizmat safarida bo‘lib turibdilar.

 

Ushbu xizmat safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad Oʻsh texnologiyalar universitetining ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish, xorijiy tillar boʻyicha fan dasturlarini o‘rganish, talabalarni baholash mezonlari bilan tanishish va kafedralararo ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda stajirovka o’tashdan iboratdir.

 

Tashrif davomida SamDAQU professor-o‘qituvchilari Oʻsh texnologiyalar universitetining Kompyuter lingvistikasi kafedrasi va Dunyo tillari kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib ilmiy-uslubiy sohalarda fikr almashishdi hamda dars mashg’ulotlarida ishtirok etishdi. Ayni kunlarda professor-o‘qituvchilarimiz Oʻsh texnologiyalar universitetining kompyuter lingvistikasi laboratoriyasi, dars jarayonlari va til kurslarining olib borilishi jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqdalar.

 

Shuningdek, Oʻsh texnologiyalar universiteti professori Dr. Jonbolot Tursunbayev qabulida universitet rahbariyati bilan stajirovka dasturi va uni amalga oshirish jarayoni va natijalari xususida kelishib olindi.

Oʻsh texnologiyalar universiteti rahbariyati universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, bu kabi oliy ta’lim sohasidagi hamkorliklar kelajakda ikki tomon uchun ham ahamiyatli hamda manfaatli ekanligini alohida ta’kidladilar.

 

Bundan tashqari, SamDAQU professor-o‘qituvchilari Qirgʻiz-oʻzbek xalqaro universitetining Ingliz tili filologiyasi kafedrasi va Nemis tili markazida boʻlib, ular bilan kelgusidagi ilmiy tadqiqot va tajriba almashish boʻyicha kelishib olishdilar.